Toshkentda «Ipak yo‘lida turizm» Toshkent xalqaro sayyohlik yarmarkasi o‘tkaziladi

Joriy yil 30-noyabrdan 2-dekabrga qadar Toshkentda “Ipak yo‘lida turizm—2022” 27-Toshkent xalqaro sayyohlik yarmarkasi (TXTY) bo‘lib o‘tadi.

O'zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi, “Milliy PR markazi” davlat unitar korxonasi, The SAYS LOT MChJ vakili SAYS ko'rgazma kompaniyasi tomonidan tashkil etilayotgan yarmarka “O'zekspomarkaz” Milliy ko'rgazmalar majmuasi pavilonida o'tkaziladi.

Unda turizm mahsulotlarini targ‘ib qilish, ishbilarmonlik aloqalari va hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida turli konferensiyalar, B2B uchrashuvlari, davra suhbatlari, sayyohlik xizmatlari va hunarmandchilik ko‘rgazmalari, O‘zbekistonning turizm salohiyatiga ega hududlarining taqdimotlari, milliy taomlarni tayyorlash bo‘yicha mahorat darslari o‘tkaziladigan gastro-bozor tashkil etiladi.

Ko‘rgazma 1995-yildan buyon BMTning Jahon sayyohlik tashkiloti (UNWTO) ko‘magida o‘tkazilib, har yili sayyohlik sohasining yuzlab mutaxassislarini jamlab, ushbu sohani xalqaro miqyosda rivojlantirish uchun sharoit yaratib kelmoqda.