Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi gidlarning V Forumi bo'lib o'tdi

Bugun, 28-fevral kuni Toshkent shahrida joylashgan “Hilton Tashkent City” mehmonxonasida 21-fevral kuni Xalqaro gid va ekskursiyachilar kuni munosabati bilan O‘zbekiston gidlarining V Forumi tashkil etildi.
Turizm va madaniy meros vazirligi tashabbusi bilan o‘tkazilgan forumda vazirlik rahbariyati, mamlakatimizdagi sayyohlik kompaniyalari vakillari, gidlar va ekskursiyachilar ishtirok etishdi
Forum davomida turizm sohasi mutaxassislari va ishtirokchilar gidlarning pandemiya davridagi faoliyati hamda istiqboldagi yangi imkoniyatlar bo‘yicha fikr almashishdi.
Mutaxassislar tomonidan o‘rganib chiqilgan xalqaro tajriba tahliliga ko‘ra, global inqiroz sharoitlarida ichki turizmni rivojlantirish eng to‘g‘ri yo‘nalishdir. Buni inobatga olgan holda, mamlaktimizda soha vakillari uchun “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil” dasturi doirasida qator imtiyozlar berilmoqda. Bularning barchasi aholini sayohatga keng qamrab olish maqsadida amalga oshirilmoqda.
“O‘zbekiston Prezidenti tomonidan mamlakat iqtisodiyotining strategik tarmog‘i sifatida jadal rivojlanib borayotgan turizm sohasida O‘zbekistonning ijobiy qiyofasini shakllantirishga katta e’tibor qaratilmoqda va bu jahon hamjamiyati tomonidan yuksak e’tirof etilmoqda. Bunga misol sifatida sohani qo‘llab-quvvatlash, mamlakatimizda turizm turlarini diversifikatsiya qilish, O‘zbekistonning xalqaro maydondagi jozibadorligini oshirish yo‘lida 90 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlarning qabul qilinganligini keltirish mumkin.
Turizm va madaniy meros vazirligi tomonidan sohadagi global inqiroz va yangicha raqobat sharoitlarini inobatga olgan holda, “O‘zbekistonning 2030-yilgacha bo‘lgan davrda turizmni rivojlantirish strategiyasi” ishlab chiqilmoqda. Bu esa sayyohlarni jalb qilishda noan’anaviy yondashuvlarni talab qiladi. Ayni shu nuqtai nazardan, turistik biznes vakillari, gid va ekskursiyachilarni ushbu hujjatni ishlab chiqishda faol ishtirok etishga chorlaymiz”, - dedi Turizm va madaniy meros vazirining birinchi o‘rinbosari Ulug‘bek Azamov.






