Toshkentda Parlamentlararo kengashning birinchi majlisi o‘tkaziladi

O‘zbekiston va Qozog‘iston qonun chiqaruvchi hokimiyat organlari o‘rtasidagi aloqalar faollashtiriladi. Kelgusi yilda Toshkentda Parlamentlararo kengashning birinchi majlisi bo‘lib o‘tadi. Bu haqida Shavkat Mirziyoyev va Qasim-Jomart Toqayev OAV uchun o’tkazgan brifingda ma’lum qilindi.

Shuningdek, Prezidentimiz muzokaralarda madaniy-gumanitar hamkorlikni chuqurlashtirishga katta e’tibor qaratilganini ta’kidladi.

Joriy yilda mamlakatlarimiz diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligini keng nishonladi. Oktabr oyida Olmaotada “Orol durdonasi” ko‘rgazmasi, noyabrda Ostonada O‘zbekiston madaniyati kunlari, dekabr oyida esa Yoshlar kongressi muvaffaqiyatli o‘tkazildi.

Shu kunlarda O‘zbekistonda qozoq xalqining ardoqli farzandi Abay Qo‘nonboyevga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tmoqda.

“Abayning o‘lmas merosi bugun ham mintaqamiz xalqlari uchun, ayniqsa, yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalashda katta ahamiyatga ega”, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Kelgusi yilda ham madaniyat kunlari, qo‘shma kinofestivallar, taniqli san’atkorlarning ijod kechalarini o‘tkazishga kelishib olindi. Bu qardosh xalqlarimizning yanada yaqin bo‘lishiga, umumiy tarixiy ildizlarimizni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Davlatimiz rahbari O‘zbekiston va Qozog‘iston bugungi kunda global o‘zgarishlar markaziga aylanib borayotgan mintaqamizda taraqqiyot va ravnaqni ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlarni birlashtirishini ta’kidladi.