Toshkentda xalqaro moda ko’rgazmasiga start berildi

Bugun, 2-fevral kuni Toshkentdagi “O’zekspomarkaz”da “Tashkent Fashion & Textile” xalqaro moda ko‘rgazmasi o’z ishini boshladi. 4000 dan ortiq mehmon va 100 dan ortiq ichtirokchini qamrab oladigan ko'rgazma 4-fevralga qadar davom etadi.

O'zbekistonning ham ulgurji, ham chakana bozorlarida yagona ixtisoslashtirilgan tadbir sifatida namoyon bo’layotgan jozibali ko’rgazma doirasida taniqli stilistlar, biznes vakillari va SMM sohasi mutaxassislari tomonidan “master-klaslar” o’tkaziladi.

Ta’kidlash joizki, “Tashkent Fashion & Textile” ko‘rgazmasi to‘qimachilik korxonalari, davlat idoralari va sanoat birlashmalari ko‘magida o‘tkazilmoqda. Ko‘rgazmada O‘zbekiston, Turkiya va Xitoydan vakillar ishtirok etmoqdalar.

Ko’rgazma ishtirokchilarga yangi hamkorlar topish, savdo hajmini oshirish, mijozlar bazasini kengaytirish, yangi mahsulot va texnologiyalarni samarali namoyish etish, mavjud biznes aloqalarini mustahkamlash, bozor haqida to‘liq ma’lumot olish imkoniyatiga ega bo’lish imkonini taqdim etmoqda.