Toshkentda xalqaro «UzEnergyExpo» va «UzStroyExpo» ko’rgazmalari bo’lib o’tmoqda

Joriy yilning 26-oktabr kuni Toshkentdagi "O'zekspomarkaz"da xalqaro “UzEnergyExpo” va “UzStroyExpo” ko'rgazmalari faoliyatiga start berildi. Ko'rgazmaning birlashtirilgan ekspozitsiyasida dunyoning 13 davlatidan 130 dan ortiq kompaniyalar ishtirok etmoqda.

Ta'kidlash joizki, Avstriya, Belarus Respublikasi, Germaniya, Hindiston, Qozog'iston, Xitoy, Koreya Respublikasi, Litva, Rossiya, Slovakiya, Turkiya, Estoniya va O'zbekistonning ko'plab yirik kompaniyalari ishtirok etayotgan ko'rgazmalar bir-biri bilan bog'liq soha vakillari o'rtasidagi hamkorlikni kengaytirish, mutaxassislar bilan bozorni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qilish, ekspertlardan maslahat olish, shuningdek, yangi biznes hamkorlarini topish va o'zaro manfaatli shartnomalar tuzish imkonini beradi.

“UzEnergyExpo-2022” - mintaqadagi eng yirik energetika ko'rgazmalaridan biri bo'lib, o'tgan yilga nisbatan ekspozitsiyasi 40 foizga oshdi va mazkur ko'rgazma joriy yilda energetika majmuasining deyarli barcha asosiy yo'nalishlari vakillarini birlashtirdi. Ko'rgazma doirasida, qayta tiklanadigan energiya manbalari, yoritish texnalogiyalari, avtomatlashtirish, shuningdek, elektr jihozlarining tarkibiy qismlari sohasidagi zamonaviy, texnalogiyalar va so'nggi yutuqlar namoyish etilmoqda.

Bundan tashqari, "UzStroyExpo-2022" ko'rgazmasiga tashrif buyuruvchilar sanoatning yirik ishlab chiqaruvchilarining dunyoga mashhur mahsulotlari bilan tanishishlari mumkin. Stendlarda qurilish va pardoz materiallari, aralashmalar, asboblar, gidroizolyatsiya tizimlari, suv ta'minoti, ventilyatsiya va isitish uskunalari namoyish etilmoqda.

P.S. Mazkur xalqaro ko'rgazmalarda "Top Business" jurnalining maxsus soni ishtirokchi va mehmonlarga taqdim etilmoqda.