Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universiteti Bloomberg Global Trading Challenge 2021da yuqori o‘rinni egalladi

Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universiteti o‘zining besh nafar talabalaridan iborat “6- Moliya darajali” jamoasi “Bloomberg Global Trading Challenge 2021”da 14-o‘rinni egalladi.

Qayd etilishicha, ushbu jamoa dunyoning 495 ta universitet jamoasi bilan bellashgan. Ular jahon miqyosida 14-o‘rinni va Osiyoda 4- o‘rinni egalladi. Bu Vestminster talabalari va professor-o‘qituvchilari ishtirok etgan birinchi global musobaqa edi.

Tanlovda AQSH, Hindiston, Xitoy va Saudiya Arabistoni davlatlari universitetlari ham qatnashgan. Shuningdek, O‘zbekiston MDH davlatlari orasida tanlovning yuzta eng yaxshi pog‘onasidan joy olgan yagona davlat bo‘ldi.

Raqamlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, universitet jamoasi jami 1 million dollar sarmoya kiritib, 213 ming dollar foyda keltirgan.

Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universiteti rektori Bahrom Mirqosimov jamoa a’zolarini professor-o‘qituvchilar va talabalar nomidan samimiy qutlab, ularga ulkan muvaffaqiyat tiladi.

Ma’lumot o‘rnida, Bloomberg Global Trading Challenge to‘liq Bloomberg Terminal platformasida o‘tkaziladigan yagona universitet savdo tanlovidir. Unda universitet jamoalari bozor taxminlarini aniqlash, daromad keltiruvchi strategiyani ishlab chiqish va yopiq tarmoq orqali savdolarni amalga oshirish uchun terminaldan foydalanadi.

Ta’kidlash kerak, Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universiteti talabalari 2019 va 2020 yillarda ketma-ket ikki yil davomida “CFA Investment Challenge in Central Asia” nomli xalqaro miqyosda tan olingan moliya tanlovida ham g‘olib bo‘lgan edi.