Tramp AQShning Ukrainani qo‘llab-quvvatlayotganini tanqid qildi

Tramp AQSh prezidentlik saylovlarida “g‘alaba haqida ma’lum bo‘lishi bilanoq” mojaroni hal qilish uchun Putin va Zelenskiy bilan uchrashuv tashkil qilishini aytdi. U, shuningdek, AQShning Ukrainani qo‘llab-quvvatlayotganini tanqid qildi.
Agar u AQShdagi navbatdagi prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozonsa, Donald Tramp rossiyalik va ukrainalik hamkasblari Vladimir Putin va Vladimir Zelenskiyga harbiy mojaroni hal qilish uchun qo‘ng‘iroq qiladi. Amerikaning sobiq prezidenti shunday va'dani Floridada tarafdorlari oldida qilgan chiqishida bergan. Eshittirish YouTubedagi RSBN kanali tomonidan olib borilgan.
“Mening g‘alabam ma’lum bo‘lishi bilanoq, xuddi shu kechada men ikki kishiga qo‘ng‘iroq qilaman: Putin va Zelenskiy. Men ularga: “Biz uchrashishimiz kerak”, deb aytaman. Men bu muammoni hal qilishimga kafolat beraman. Biz 24 soat ichida kelishuv tuzamiz”, — degan Tramp.
Sobiq prezident, agar u AQSh yetakchisi bo‘lib qolganida, Rossiya harbiy operatsiyani boshlamagan bo‘lardi, degan fikrini yana bir bor ta’kidlagan. U, shuningdek, Ukrainaga yordam uchun sarf-xarajatlarni to‘xtatishga chaqirib, buning o‘rniga tezroq kelishuvga erishmoqchi. Uning qayd etishicha “Millardlab, yuzlab milliard dollarlarni ko’kka sovurib bo‘lmaydi”. Shuningdek, Trampning fikricha, AQShning yordami mojaroni uzaytirmoqda.
Tramp allaqachon prezidentlikka nomzodini e'lon qilgan. U avvalroq Ukrainadagi mojaro haqida bir necha bor gapirgan, AQShning amaldagi prezidenti Jo Baydenning harakatlarini tanqid qilgan va qarama-qarshi bayonotlar bergan.






