Trampning Truth Social ijtimoiy tarmog‘i ishga tushdi

Truth Social ilovasi bugun App Store ilovalar do‘konida yangi ijtimoiy tarmoq yuklab olish uchun ochilgan va unga oldindan buyurtma berganlar uchun avtomatik tarzda yuklandi.
Amerika Qo‘shma Shtatlari sobiq prezidenti Donald Tramp rasmiy sahifalari bir nechta ijtimoiy tarmoqlarda bloklanganidan keyin, o‘tgan yili oktabrda u o‘zining Truth Social nomli ijtimoiy tarmog‘ini yaratganini ma’lum qilgan edi.
Trump Media & Technology Group kompaniyasi tomonidan chiqarilgan ilova ko‘proq Twitterga o‘xshab ketadi va unda foydalanuvchilari o‘z "haqiqatlarini" post qilishlari mumkin bo‘ladi, biroq "haqiqatlar"ni tahrirlash xususiyati hozircha ishga tushirilmagan.
Ba’zi foydalanuvchilar ilovada akkauntni ro‘yxatdan o‘tkazishda muammo borligini yoki "Ko‘p talablar tufayli sizni kutish ro‘yxatiga joylashtirdik" degan xabar bilan kutish ro‘yxatiga qo‘shilganlarini xabar qilishgan.
Ma’lum bo‘lishicha, Truth Social faqat iOS uchun ishlab chiqarilgan va hech bo‘lmaganda Amerika uchun ilovaning to‘liq ishga tushishi mart oyi oxirigacha belgilangan.
P.S: Avvalroq, ilova mart oyida ishga tushishi haqida ma’lumot berilgan edi, ammo ilova muddatidan avval taqdim etildi.






