Turizm va sport vaziriga ikki o‘rinbosar tayinlandi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2-fevraldagi tegishli qaroriga ko‘ra, Shaxrillo Maxmudov va Abdullo Aslonov O‘zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirining o‘rinbosarlari lavozimiga tayinlandi.

Ma’lumot uchun: Abdullo Aslonov 1984-yil 8-iyul kuni Samarqand viloyatida tug‘ilgan. 2014-yilda Samarqand davlat chet tillar instituti magistraturasini tamomlagan.

Shuningdek, u “Regent London” (Angliya), “Kings Institute” (Angliya), “Marlborough College of Businnes and Technology” (Angliya) talabasi bo‘lgan. Ko‘p yillar davomida A.Aslonov “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tizimida faoliyat yuritgan. 2020-yildan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasining a’zosi hisoblanadi.

Shaxrillo Maxmudov 1970-yil 13-sentyabrda Buxoro viloyatida tug‘ilgan. U 1992-yilda Buxoro davlat pedagogika institutini tamomlagan. 2013-yildan buyon O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.

Sh.Maxmudov 2002-yilda “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sport ustozi” faxriy unvoni, 2016-yilda “Mexnat shuhrati” ordeni hamda 2021-yilda “I darajali Sog‘lom avlod uchun” ordeni bilan mukofotlangan.

Shu o‘rinda O‘tkir Saidov va Avazjon Karimov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan Turizm va sport vazirining o‘rinbosari lavozimlaridan ozod etildi.