Turkiy davlatlar fotosuratchilari uchun Qo'qon shahrida infotur tashkil etildi

2022-yil 24-30-oktabr kunlari O'zbekistonning Qo'qon shahrida Turkiy Davlatlar Tashkilotiga a'zo va kuzatuvchi davlatlarning iqtidorli fotosuratchilari uchun "Qo'qon - jahon turizmining turkiy poytaxti" mavzusiga bag'ishlangan infotur tashkil etildi.
Infoturdan so'ng TDT Bosh kotibining o'rinbosari Mirvohid Azimov, Farg'ona viloyati hokimining o'rinbosari Xurshidjon Ahmedov, Qo'qon shahri hokimi Marufjon Usmonov, TDTga a'zo va kuzatuvchi davlatlar fotograflari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida brifing o'tkazildi.
Ishtirokchilar bilan suhbatda Bosh kotib o'rinbosari M.Azimov "Tabarruk ziyorat" loyihasini amalga oshirishga alohida e'tibor qaratgan holda, tashkilot doirasida turizm sohasidagi hamkorlikning so'nggi o'zgarishlari haqida so'z yuritdi.
Tadbir MICE (Meetings, Incentives, Conferences and Exhibitions) formatida turizm konferensiyasi va infotur vaqtida olingan fotosuratchilarning asarlari ko'rgazmasi bilan davom etdi.






