Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi Yevropa Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti Bosh kotibi bilan uchrashdi

2022-yil 11-mart kuni Antaliya diplomatiya forumi doirasida Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi Bag‘dod Amreyev YXHT tomonining tashabbusi bilan, Yevropa Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti Bosh kotibi Xelga Mariya Shmid bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda tomonlar mintaqadagi, xususan Ukrainadagi soʻnggi oʻzgarishlar, Gʻarb davlatlari tomonidan joriy etilgan sanksiyalar, uning iqtisodiy oqibatlari hamda mintaqaviy va xalqaro miqyosdagi aks-sadolari haqida fikr almashdilar.
Har ikki tashkilot bosh kotiblari Ukrainadagi harbiy vaziyat va Turkiy davlatlar tshkilotiga aʼzo davlatlar va mintaqaga salbiy taʼsirlarni bartaraf etishning mumkin boʻlgan yoʻllari bilan bogʻliq xavfsizlik, qochqinlar oqimi boʻyicha oʻz xavotirlarini bildirdilar.
Bosh kotib Shmid YXHT Turkiy davlatlar tashkiloti faoliyatini hamda mintaqadagi oʻzgarishlarni kuzatib borishini hamda, ikki tashkilot oʻrtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirishning yangi istiqbollarini koʻrib chiqmoqchi ekanligini taʼkidladi.
Bosh kotib Amreyev hamkasbiga turkiy dunyoda ro‘y berayotgan so‘nggi o‘zgarishlar haqida ma’lumot berdi va Turkiy davlatlar tashkiloti YXHT va unga a’zo davlatlar bilan o‘zaro hamkorlikning turli sohalarida institutsional munosabatlarni rivojlantirishga tayyorligini bildirdi.






