Turkiy davlatlar tashkiloti oqsoqollari Qirg‘iziston Prezidenti bilan uchrashdi

Bishkek shahrida Turkiy davlatlar tashkiloti Oqsoqollar Kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.Yig‘ilish doirasida Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovning yig’ilish ishtirokchilari bilan uchrashuvi bo’lib o’tdi.
Unda Turkiy davlatlar tashkiloti Oqsoqollar Kengashining O‘zbekistondagi aʼzosi, Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi Baxtiyor Sayfullayev ham ishtirok etdi.
Sadir Japarov yoshi ulug‘lar jamiyat va davlat hayotida muhim o‘rin tutayotganini taʼkidlab, globallashuv davrida tashkil etilgan Oqsoqollar Kengashi dunyodagi eng kuchli uyushmalardan biriga aylanishiga ishonch bildirdi.
Qirg‘iziston rahbari O‘zbekiston oqsoqoli bilan suhbat davomida O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida ko‘rganlari dunyoqarashini tamoman o‘zgartirib yuborganini, ochiq boshqaruvda Shavkat Mirziyoyevdan ko‘p narsa o‘rganganini taʼkidlagan.
Shuningdek, uchrashuvda O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida barcha masalalar hal bo‘lgani haqida fikr bildirildi.
Sadir Japarov joriy yil Turkiy davlatlar tashkilotining Samarqand sammitida albatta ishtirok etishi va ushbu Sammit yuqori darajada o‘tkazilishiga ishonch bildirdi.






