Turkiy Kengash Bosh kotibi Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga tabrik maktubi yo‘lladi

Turkiy kengash Bosh kotibi Bag‘dod Amreyev Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga 2021-yil 24-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishonchli g‘alaba qozongani munosabati bilan maktub yo‘llab, o‘zining samimiy tabriklarini bildirdi hamda qardosh O‘zbekiston xalqiga tinchlik va farovonlik tiladi.
Bosh kotib o’z tabrik maktubida saylovning xalqaro miqyosda e’tirof etilgan standartlar asosida o‘tgani, mazkur muhim siyosiy tadbir ko‘plab davlatlar va xalqaro tashkilotlar, jumladan, Turkiy Kengash hamda jahon ommaviy axborot vositalari tomonidan kuzatib borilganiga to’xtalib o’tdi.
Bosh kotib Amreyev saylovlar O‘zbekiston xalqining fidoyiligi, jasorati va siyosiy hayotdagi faolligini yana bir bor namoyon etganini, ovoz berish natijalari esa Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar mamlakat aholisi tomonidan naqadar qo‘llab-quvvatlanayotganining to’liq tasdig’i ekanini ta’kidladi.






