Turkiy Kengash doirasidagi yoshlar forumi o'z ishini boshladi

Toshkentda Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi doirasida 19-21 sentabr kunlari Yosh tadbirkorlar forumi va Turkiy Kengashga a'zo mamlakatlarning yoshlar va sport ishlari vazirlarining 5- yig'ilishi bo'lib o'tmoqda.
Ushbu tashabbus 2019 yil 15 oktabrda Boku shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy Kengashning 7-sammitida Turkiy Kөngashga a’zo va kuzatuvchi davlatlarning yoshlar masalalari bo‘yicha doimiy hamkorligi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan yosh tadbirkorlarga yangi biznes imkoniyatlarini kashf etishga imkon berish maqsadida Turkiy Kengashga a’zo mamlakatlarning iqtidorli va bilimli yoshlarini faol jalb qilishga qaratilgan Birinchi Turkiy Kengash Yosh tadbirkorlari forumiga mezbonlik qilish taklifi bildirilgan.
Forumda 200 nafardan ortiq xorijlik va o‘zbekistonlik yosh tadbirkorlar, xalqaro ekspertlar, Hukumat vakillari, Turkiy Kengash Kotibiyati rahbariyati hamda Turkiy Kengashga a’zo mamlakatlaning Yoshlar va sport vazirlari ishtirok etmoqda.
Bundan tashqari, Forum bilan bir vaqtning o‘zida Turkiy Kengashga a’zo mamlakatlarning yoshlar va sport ishlari bo‘yicha vazirlarining 5-yig‘ilishi o‘tkazildi. Yig‘ilishda "Turkiy dunyo yoshlar poytaxti tashabbusi" to‘g‘risidagi Nizom loyihasi, Turkiy Kengash doirasida o‘tkaziladigan yoshlar va sport sohalaridagi tadbirlar va boshqa masalalar muhokama qilinmoqda.






