Turkiy tilli davlatlarning ko‘p qirrali hamkorligini kengaytirish

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12 noyabr kuni Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining sakkizinchi sammitida ishtirok etdi.

Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an tashabbusi bilan tadbir Istanbuldan janubi-sharqda joylashgan hamda Turkiya uchun tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan Demokratiya va ozodlik orolida bo‘lib o‘tdi.

Kengash majlisida, shuningdek, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev hamda Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov va Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban qatnashdi.

Sammit kun tartibiga muvofiq, savdo, investitsiyalar, “yashil” iqtisodiyot, raqamli texnologiyalar, transport va kommunikatsiyalar, ta’lim va madaniyat sohalaridagi ko‘p qirrali munosabatlarni har tomonlama kengaytirish va mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.

Oxirgi yillarda O‘zbekistonning qardosh mamlakatlar bilan umumiy tovar ayirboshlash hajmi ikki barobar oshgani alohida ta’kidlandi. Shu bilan birga, bu ko‘rsatkich mavjud imkoniyatlar darajasida emas. Tahlillarga ko‘ra, 2020 yilda Kengashga a’zo davlatlarning jami importi 420 milliard dollarga teng bo‘lgan, ular o‘rtasidagi o‘zaro mahsulot yetkazib berish hajmi esa 21 milliard dollarni tashkil etgan.

Shu bois, uchinchi davlatlarning mahsulotlarini tashkilotga a’zo mamlakatlarda ishlab chiqarish mumkin bo‘lgan tovarlar hisobidan qoplash eng dolzarb vazifa ekani qayd etildi.

Davlatimiz rahbari sanoat kooperatsiyasini kuchaytirishga chaqirdi. Bu borada qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish uchun a’zo davlatlardagi ixtisoslashgan tashkilotlar negizida Injiniring va texnologiyalar markazlari tashkil etish taklifi bildirildi. Kelgusi yili O‘zbekiston Turkiy davlatlar sanoat haftaligini o‘tkazishga tayyor ekani ma’lum qilindi.

Sammit yakunida tashkilotga raislik Turkiya Respublikasiga o‘tishi va Turkiy davlatlar tashkilotining birinchi sammiti kelgusi yilda O‘zbekistonda o‘tkazilishi to‘g‘risidagi qarorlar qabul qilindi.

Davlat rahbarlari 10 dan ortiq hujjat - sammitning yakuniy deklaratsiyasini, “Turkiy dunyo nigohi - 2040” dasturiy hujjati va kun tartibiga kiritilgan boshqa qarorlarni imzoladilar.