Turkiya tashqi ishlar vazirligi rahbari Mevlut Chavushog'lu O'zbekistonga keldi

2022 - yil 2 - avgust kuni O'zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Vladimir Norovning Turkiya Respublikasi tashqi ishlar vaziri Mevlyut Chavushog'lu bilan uchrashuvi bo'lib o'tdi. Janob Chavushog'lu Toshkent shahrida bo'lib o'tayotgan "O'zbekiston-Ozarbayjon-Turkiya" muloqot formatining birinchi yig'ilishida ishtirok etish uchun mamlakatimizga tashrif buyurdi.

Ta'kidlanishicha, hozirgi bosqichda O'zbekiston-Turkiya munosabatlari ikki mamlakat rahbarlarining qat'iyatliligi va ishonchli muloqoti tufayli yangi amaliy mazmun bilan boyitilib, yuksak o'sish sur'atini namoyon etmoqda.

M. Chavushog'lu Toshkent shahrida tashqi siyosat, savdo, iqtisodiyot va transport masalalari uchun mas'ul bo'lgan uch mamlakat vazirliklari rahbarlari ishtirokida "O'zbekiston – Ozarbayjon – Turkiya" muloqot formatining birinchi yig'ilishini o'tkazish muhimligini ta'kidladi.

Ikki tomonlama va ko'p tomonlama darajadagi rejalashtirilgan tadbirlarning tashkiliy jihatlari, shu jumladan Samarqandda bo'lib o'tadigan Turkiy davlatlar tashkiloti sammiti ko'rib chiqildi.