Turkiyaning Bayraktar zarbdor droni endi Ukrainada ishlab chiqariladi

Turkiyaning Baykar kompaniyasi Ukrainada Bayraktar zarbdor uchuvchisiz dronlar ishlab chiqaruvchi zavod quradi. Bu haqda Ukrainaning Turkiyadagi elchisi Vasiliy Bodnar ma'lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Baykar Ukrainada kompaniya tashkil etib, qurilish uchun yer uchastkasi olgan va zavod loyihasini ishlab chiqqan.
"Zavod quriladi. Tom ma'noda bir hafta oldin hukumat ikki tomonlama shartnomani ma'qulladi va uni ratifikatsiya qilish uchun parlamentga yubordi", - dedi diplomat.
Ma'lumot uchun, Bayraktar TB2 Turkiyaning zarbdor operativ-taktik oʻrta-balandlik uchuvchisiz havo apparatidir. 4 ta osma boshqariladigan oʻq-dorilarga ega boʻlgan Bayraktar TB2 osmonda 12 dan 24 soatgacha uchishi mumkin. Maksimal boshqaruv masofasi esa 150 km gacha. Ushbu dron "Baykar Makina" xususiy kompaniyasi tomonidan loyihalashtirilgan va ishlab chiqariladi.






