Turkiyaning xalqaro miqyosdagi nomi rasman o‘zgardi

Turkiyaning BMT tomonidan tan olingan va xorijiy tillardagi nomi “Türkiye” deb o‘zgartirildi. Endilikda turli xalqaro forumlar va rasmiy hujjatlarda bungacha qo‘llangan turli etnonimlar (Turkey, Turkei, Turquie va boshqalar) o‘rnida Turkiye nomi qo‘llanadi.
“Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish Turkiya tashqi ishlar vaziridan nomni oʻzgartirish toʻgʻrisida bildirishnoma oldi. Mamlakat nomining o‘zgarishi ushbu xat olingan vaqtdan e’tiboran kuchga kiradi”, deya ta’kidlagan Guterrishning matbuot kotibi Stefan Dyujarrik "Anadolu" agentligiga.
Turkiya tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavusho‘g‘li Twitterdagi xabarnomani izohlar ekan, mamlakat nomining o‘zgarishi uning nufuzini oshirishda samarali natija ko’rsatishiga umid bildirdi.






