Turkmaniston delegatsiyasi tashrifiga tayyorgarlik

Joriy yilning 8-iyul kuni Bosh vazir oʼrinbosari - Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov rahbarligida Turkmaniston delegatsiyasining Oʼzbekiston Respublikasiga tashrifi doirasida oʼtkazilishi rejalashtirilgan qator tadbirlarga tayyorgarlik koʼrishga bagʼishlangan videokonferensiya shaklida yigʼilish boʼlib oʼtdi.

Yigʼilishda vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari, mahalliy hokimliklar, shuningdek, Oʼzbekiston Respublikasining Turkmaniston Respublikasidagi vakolatxonasi rahbarlari ishtirok etdi.

Buxoro shahrida Oʼzbekiston-Turkmaniston hududlararo forumiga hamda uning doirasida oʼtkaziladigan Oʼzbekiston-Turkmaniston tadbirkorlar Kengashining 2-yigʼilishi, Oʼzbekiston va Turkmaniston sanoat mahsulotlari koʼrgazmasi, ikki mamlakat xalq amaliy sanʼati mahsulotlari koʼrgazmasiga tayyorgarlikning borishi koʼrib chiqildi.

Turkmaniston tomoni bilan imzolash uchun investitsiya loyihalari va savdo bitimlarini tayyorlash muhimligi taʼkidlandi. Oʼzbekiston-Turkmaniston hududlararo forumi doirasida turkmanistonlik hamkorlar bilan imzolanishi rejalashtirilgan yangi ikki tomonlama savdo-iqtisodiy kelishuvlar, investitsiya shartnomalarining loyihalari, hududlararo hamkorlikni rivojlantirish toʼgʼrisidagi bitimlar loyihalarini ishlab chiqish boʼyicha koʼrsatmalar berildi. Bunda qishloq xoʼjaligi, avtomobilsozlik, toʼqimachilik, kimyo va neft-kimyo sanoati, transport va logistika, energetika, turizm va boshqa sohalarda qoʼshma investitsiya loyihalari va savdo shartnomalariga alohida eʼtibor qaratish topshirildi.