Turkmaniston Prezidenti O‘zbekistonga tashrif buyuradi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov joriy yilning 14-15-iyul kunlari davlat tashrifi bilan mamlakatimizda bo‘ladi.
Oliy darajadagi muzokaralar kun tartibidan O‘zbekiston bilan Turkmaniston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlash, ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari o‘rin olgan.
Shuningdek, o‘zaro savdo hajmini oshirish, sanoat kooperatsiyasini yo‘lga qo‘yish, transport-tranzit salohiyatini samarali ishga solish, suv xo‘jaligi sohasida muhim loyihalarni amalga oshirish, hududlararo muloqotni faollashtirish hamda madaniy-gumanitar almashinuv dasturlarini davom ettirish istiqbollari ham muhokama qilinadi.
Sammit yakunida Qo‘shma bayonot va qator ikki tomonlama hujjatlar imzolanishi rejalashtirilgan.
Oliy martabali mehmon O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisida uchrashuv o‘tkazishi va Samarqand shahrining diqqatga sazovor joylari bilan tanishishi ko‘zda tutilgan.






