Turkiy kengash Turkmanistonni kuzatuvchi sifatida aʼzolikka qabul qilishga tayyor

Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi (Turkiy kengash) mamlakatlari Turkmanistonning tashkilotga kuzatuvchi sifatida qoʼshilishini bir ovozdan qoʼllab-quvvatladi.
Maʼlum qilinishicha, tashkilotga bu yil raislik qilayotgan Ozarbayjon prezidenti Ilhom Аliyev Turkmanistonning kuzatuvchi sifatida qoʼshilishini bir ovozdan qoʼllab-quvvatlagani haqida Turkmaniston rahbari Gurbanguli Berdimuhamedovga yoʼllagan maktubida taʼkidlagan.
Keltirilishicha, Аliyev oʼz maktubida Turkmanistonning tashkilotga qoʼshilishidan juda mamnun ekanini aytgan. Shuningdek, Turkiy kengash ildizi, tarixi va milliy-madaniy qadriyatlari mushtarak boʼlgan turkiyzabon xalqlar hamda mamlakatlar oʼrtasida birlikni, hamkorlikdagi samarali faoliyatni targʼib qiluvchi muhim tashkilotga aylanganini qayd etgan.
Ozarbayjon rahbari doʼst va qardosh Turkmanistonni 12-noyabrda Istanbulda boʼlib oʼtadigan kengashning VIII sammitida kuzatuvchi davlat sifatida ishtirok etishga taklif qilgan.
Qayd etilishicha, bu sammitda tashkilotga raislik Turkiyaga oʼtishi kutilmoqda.






