Turkmanistonda navbatdan tashqari prezident saylovi bo‘lib o‘tadi

Turkmanistonda navbatdan tashqari prezident saylovi 2022-yilning 12-mart kuni bo‘lib o‘tadi.
Kuni kecha Turkmaniston parlamenti yuqori palatasining navbatdan tashqari majlisida Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov davlat boshqaruvida yosh rahbarlarga yo‘l berish zarurligi haqida bayonot berdi.
"Men mamlakat rivojining yangi bosqichida davlat boshqaruvida boy ma’naviy muhitda tarbiya ko‘rgan va zamon talabiga mos yosh rahbarlarga yo‘l berish kerakligi bo‘yicha fikrni qo‘llab-quvvatlayman", — deya ta’kidlagan Turkmaniston prezidenti o’z nutqida.
Turkmaniston ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, saylovlar va referendumlarni o‘tkazish bo‘yicha Markaziy komissiyaga Turkmaniston konstitutsiyasi va qonunchiligidan kelib chiqqan holda tegishli ishlarni boshlash topshirig‘i berilgan.
"Turkmaniston prezidentining topshirig‘iga binoan, mamlakatning Markaziy saylov komissiyasi 12 martda bo‘lib o‘tishi mo‘ljallangan navbatdan tashqari prezident sayloviga tayyorgarlikni boshladi", - deya qayd etilgan Respublika Markaziy saylov komissiyasi rahbariyati xabarida.
P.S: Turkmaniston prezidentligiga Turkmanistonda dunyoga kelgan, yoshi 40 dan kam bo‘lmagan, davlat tilini biladigan, oxirgi 15 yilda Turkmanistonda doimiy yashab kelgan va ishlagan fuqaro saylanishi mumkin. Turkmaniston prezidenti Turkmaniston xalqi tomonidan 7 yilga saylanadi va qasamyod qabul qilishi bilan ushbu vazifani bajarishga kirishadi. Turkmanistonda so‘nggi prezident saylovi 2017-yilda bo‘lib o‘tgan edi. Qonun bo‘yicha navbatdagi prezident saylovi 2024-yilda bo‘lishi kerak.






