TXIF-2022: xalqaro kun tartibidagi muhim voqeaga aylanadi

24-26-mart kunlari birinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi (TXIF) boʼlib oʼtadi. Butun jahon biznes va siyosiy doiralar vakillari Forum ishtirokchilari va mehmonlari boʼladi.
Аyni paytda Forumda qatnashish maqsadida dunyoning 56 mamlakatidan 1,5 mingdan ortiq kishi, shu jumladan, xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari murojaat qildi.
Forum xalqaro kun tartibidagi muhim voqeaga aylanadi. Tadbir dasturi panel sessiyalari, alohida mavzularga doir muhokamalar va davra suhbatlariga boy boʼladi. Unda Oʼzbekiston va mintaqa mamlakatlarining investitsiyaviy, savdo, sanoat, transport va tranzit salohiyati ochib beriladi, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish boʼyicha navbatdagi tadbirlar haqida soʼz boradi, hukumatning mamlakatni strategik rivojlantirish, xususiy sektorni ragʼbatlantirish, xalqaro aloqalarni mustahkamlash va boshqa yoʼnalishlaridagi ustuvor vazifalari belgilanadi.
Shuningdek, forumda Oʼzbekistonning turli tarmoqlari va hududlarining investitsiyaviy va savdo imkoniyatlari, moliya bozorini rivojlantirish istiqbollari, mahalliy sanoatni modernizatsiya qilish va raqamlashtirish, savdoni erkinlashtirish va mamlakatni mintaqaviy va xalqaro bozorlarga integratsiyalash chora-tadbirlari toʼgʼrisida taqdimotlar boʼlib oʼtadi.
Forum, shuningdek, mushtarak maqsadlarga javob beruvchi loyihalar va tashabbuslar doirasida oʼzaro manfaatli hamkorlikning istiqbollari va amaliy jihatlarini muhokama qilish maqsadida G2G, G2B va B2B shakllarida ikki tomonlama uchrashuv va muzokaralarni oʼtkazish uchun samarali maydonga aylanadi.






