TXTY-2022: 15 dan ortiq davlatlarning milliy stendlari ishtirokidagi xalqaro ko‘rgazma

Joriy yilning 30-noyabr hamda 1-2-dekabr kunlari Toshkent shahrida 15 dan ortiq davlatlar ishtirokida "Ipak yo'lidagi turizm" Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi bo'lib o'tadi. Bugun, 23-noyabr kuni mazkur yarmarkaga bag'ishlangan matbuot anjumani o'tkazildi.

Unda Bosh vazir o'rinbosari, Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov, Nemis sanoatida turli lavozimlarda faoliyat olib borgan hamda Germaniyaning Mangold Consulting GmbH raisi Klaus Mangold, mutasaddilar va OAV vakillari ishtirok etdilar.

Yarmarka doirasida Fransiya, Yaponiya, Malayziya, Tailand, Koreya, Rossiya, Qozog‘iston, Belarus, Ozarbayjon va boshqa 15 dan ortiq davlatlarning milliy stendlari bilan turizm ma’muriyatlari ishtirokida xalqaro ko‘rgazma o‘tkaziladi.

Shuningdek, nufuzli xalqaro va milliy mutaxassislar ishtirokida forum va sessiyalar, xalqaro oshpazlarning mahorat darslari oʻtkaziladigan gastro-bozor hamda yarmarka tarixida ilk bor mamlakatimiz madaniy merosini namoyish etuvchi xalqaro va milliy dizaynerlar ishtirokida nafaqat kiyim-kechak, balki zargarlik buyumlari ham namoyish etiladigan Oʻzbekiston hunarmandlarining koʻrgazmasi tashkil etiladi.

Yarmarkaga tashrif buyuruvchilar va ishtirokchilar yangi sayyohlik yo‘nalishlari bilan tanishish, xorijiy mamlakatlarning rang-barang muhiti, madaniyati va an’analariga sho‘ng‘ish uchun noyob imkoniyatga ega bo‘ladilar.