Uchta viloyatning o‘rtasida yangi xalqaro aeroport qurish taklif etilmoqda

Prezident Shavkat Mirziyoyev 11-aprel kuni transport va kommunal sohalardagi loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.
Mamlakatimiz aeroportlarini 2035-yilga qadar rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqilgan bo’lib, taqdimotda ushbu strategiyani 2026-yilgacha amalga oshirish dasturi muhokama qilindi.
Bunda aeroportlarni ixtisoslashtirish, jumladan, Toshkent aeroportini xalqaro xab, Navoiy aeroportini yuk tashish xabi, Samarqand va Buxoro aeroportlarini turizm xablariga aylantirish ko‘zda tutilgan.
Toshkent xalqaro aeroportini modernizatsiya qilish orqali yo‘lovchilarni o‘tkazish quvvatini soatiga 2 ming 400 nafarga oshirish, ro‘yxatdan o‘tish, pasport nazorati va samolyotga chiqish yo‘laklarini ko‘paytirish rejalashtirilgan.
Ma’lumki, Farg‘ona vodiysidagi uchta – Andijon, Namangan va Farg‘ona aeroportlari shaharlar ichida joylashgani va atrofi bino-inshootlar bilan zich o‘ralgani sababli ularni kengaytirish imkoniyati cheklangan. Shu bois uchta viloyatning o‘rtasida yangi xalqaro aeroport qurish taklif etilmoqda.
“Toshkent-Sharqiy” aeroportining bosh rejasi ham muhokama qilindi. Buxoro va Urganch aeroportlarida yangi yo‘lovchi terminallari qurish, shuningdek, hududlararo loukoster aviakompaniyasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish loyihalari haqida ma’lumot berildi.
Prezidentimiz aeroportlarda xizmatlarni ko‘paytirish va sifatini yaxshilash, narxlarning ommabopligini ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Taqdimotda issiqlik ta’minoti tizimini yangilash va qamrovini oshirishga oid rejalar ham ko‘rib chiqildi.
2022-2026-yillarda yana 172 ta qozonxona va 482 kilometr tarmoqni yangidan qurish, 109 ta qozonxona va 543 kilometr tarmoqni modernizatsiya qilish ko‘zda tutilgan. Bularning natijasida markazlashgan issiqlik ta’minoti bilan qamrab olish darajasi hozirgi 52 foizdan 66 foizga yetadi.
Davlatimiz rahbari issiqlik hosil qilish va undan foydalanish tizimini raqamlashtirish, sohada davlat-xususiy sheriklikni kengaytirish, issiqlik ta’minoti korxonalarini moliyaviy sog‘lomlashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.






