Ukraina Bosh vaziri mamlakat harbiy amaliyotlardan 326 milliard dollar zarar ko‘rganini ma’lum qildi

Ukrainaning “Strana” nashri yozishicha, Ukraina Bosh vaziri Denis Shmigal mamlakatning harbiy operatsiyalardan ko'rgan yo'qotishlarini e'lon qilgan. Uning miqdori 326 milliard dollarni tashkil etadi, vayron boʻlgan obyektlarni tiklash uchun esa, 105 milliard dollar sarflash kerak bo’ladi.
Nashrning yozishicha, Shmigal Bryusselda bo‘lib o‘tgan “Yevropa Ittifoqi-Ukraina” assotsiatsiyasi kengashi yig‘ilishida Ukraina harbiy amaliyotlardan ko‘rgan zararni 326 milliard dollarga baholayotganini ma’lum qilgan. Bosh vazirning qo‘shimcha qilishicha, Ukraina hukumati bu miqdorni Jahon banki ekspertlari bilan birgalikda tekshirishga muvaffaq bo‘lgan. Shuningdek, Bosh vazirning so‘zlariga ko‘ra, vayron bo‘lgan obyektlarni tiklash uchun 105 milliard dollar sarflash kerak bo‘ladi.
Aprel oyi o‘rtalarida Financial Times gazetasiga bergan intervyusida Ukraina moliya vaziri Sergey Marchenko Rossiya Federatsiyasining maxsus harbiy operatsiyasi boshlanganidan buyon mamlakat fuqarolik va harbiy infratuzilmasiga yetkazilgan zarar 270 milliard dollarni tashkil etganini ta’kidlagan edi.






