Umida Omonova shaxmatning blits va rapid yo’nalishida jahon chempioni bo‘ldi

Umida Omonova Gretsiyada shaxmat bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida ham rapid, ham blits bo‘yicha g‘alaba qozonib, musobaqani ikkita oltin medal bilan yakunladi. Humoyun Bekmurodov esa «Open12» guruhida ikkala yo‘nalishda ham kumush medal sohibi bo‘ldi.

Avvalroq, rapid yo‘nalishida oltin medalni qo‘lga kiritgan Umida Omonova blits yo‘nalishida ham 9ta imkoniyatdan 8,5 ball to‘plab, birinchi o‘rinni egalladi.

Shu tariqa, Gretsiyada Omonova Umida «16 yoshgacha bo‘lgan qizlar» guruhida ham rapid, ham blits bo‘yicha jahon chempioni bo‘ldi.

Blits yo‘nalishi bo‘yicha Humoyun Bekmurodov 9ta imkoniyatdan 7 ball jamg‘argan holda ikkinchi o‘rinni egallab, o‘zining «Open12» guruhining ham rapid, ham blits bahslarida kumush medal sohibiga aylandi.

Blits yo‘nalishida yana bir o‘zbekistonlik shaxmatchi Almas Rahmatullayev «Open16» guruhida 4-o‘rinni egalladi.