USAID Markaziy Osiyoda 19 mln dollarlik savdo dasturini e'lon qildi

AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) umumiy qiymati 19 million dollarga teng bo‘lgan besh yillik loyiha boshlanganini e'lon qildi.
Loyiha Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistonda amalga oshiriladi.
Yangi loyiha USAID’ning yillar mobaynida mintaqaviy savdo, korxonalarni rivojlantirish va mintaqaviy aloqalarni yaxshilashda erishilgan yutuqlariga asoslangan.
USAID’ning Markaziy Osiyoda Savdo dasturi uchta asosiy strategik maqsadga erishish uchun davlat va xususiy sektorga texnik yordam ko‘rsatishi nazarda tutilgan.
Ta'kidlanishicha, dastur faoliyati moliyaviy va vaqt xarajatlarini kamaytirish, shuningdek, mintaqada iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish maqsadida bojxona va chegara nazorati tartibini uyg‘unlashtirishga yo‘naltiriladi.
Shuningdek, dastur investitsiyalar oqimini oshirish uchun davlat va xususiy sektor orasidagi sheriklikni kuchaytiradi.
Bundan tashqari, manfaatdor tomonlar bilan Markaziy Osiyo mintaqasida ham, undan tashqarida ham transchegaraviy savdo hajmini oshirish bo‘yicha ishlar olib boriladi.






