Usmonov Britaniyadagi aktivlariga huquqini yo'qotdi

Britaniya sanksiyalari ostida qolgan Rossiyaning USM Holdings konserni hammuallifi Alisher Usmonovning aytishicha, u endi Britaniyadagi mulkiga ega emas - va bu uning aktivlariga zarar yetkazishi mumkin.

Xabarlarga ko’ra, Britaniyaning "Arsenal" klubi sobiq egasiga tegishli bo'lgan Surreydagi 82 million funtlik saroy va 82 million funt sterlinglik Londondagi uy endi unga aloqador fondlarga topshirildi.

Bu esa Vladimir Putinga yaqin deb hisoblangan rossiyalik magnatlarga, jumladan Usmonovga nisbatan joriy qilingan sanksiyalar qanchalik samarali bo‘ladi, degan savol paydo bo’lishiga sabab bo’lmoqda.

Britaniya hukumati Usmonov Britaniyadagi "aktivlarga kirish huquqini yo'qotgan" deya da'vo qilmoqda. Urush boshlanganidan bir hafta o‘tib, 3-mart kuni u rossiyalik tadbirkorlarning “qora ro‘yxati”ga kiritilgan edi.

Usmonovning aktivlari muzlatib qo‘yildi, uning o‘ziga esa Britaniyaga kirishi taqiqlandi. Britaniya fuqarolari va kompaniyalariga u bilan har qanday biznes bitimlarini tuzish taqiqlanadi.

"Biz oligarxlar, Putin va uning vahshiyona urushi bilan chambarchas bog'liq bo'lgan boshqa shaxslarga zarba beramiz", dedi Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Liz Truss Buyuk Britaniya sanksiyalar joriy etayotganida.

Biroq, hozir bu shubha ostida – Usmonovning matbuot kotibi BBCga 68 yoshli milliarder endi Britaniyadagi sobiq aktivlarining katta qismiga ega emasligini aytdi.

Usmonovning USM Holdings kompaniyasi tog'-kon sanoatida manfaatlarga ega bo'lgan yirik konglomerat bo'lib, Rossiyaning ikkinchi yirik mobil operatori MegaFonga egalik qiladi.Usmonovning umumiy aktivlari 14 milliard funt sterling (19 milliard dollar) deb baholanmoqda. Hukumat ro'yxatida uning Britaniya mulklari orasida London shimolidagi hashamatli Bechwood House (mutaxassislar tomonidan 82 million funt sterlingga baholangan) va Surreydagi Sutton Place mulki bor.

Usmonov vakilining soʻzlariga koʻra, uning koʻp mol-mulki va yaxtasi qaytarib boʻlmaydigan tarzda maqsadli jamgʻarmalarga oʻtkazilgan.

Bunday o'tkazish shartlari, qoida tariqasida, keyinchalik ta'sischi tomonidan o'zgartirilishi mumkin emas.

Usmonov aktivlarni topshirish orqali ularning egasi bo'lishni to'xtatdi, deydi uning vakili. "Usmonov ularni boshqara olmaydi yoki sotish bo'yicha shartnomalar tuza olmaydi, endi u aktivlardan faqat ijara asosida foydalanishi mumkin", dedi oligarxning matbuot kotibi BBCning Panorama dasturiga bergan sharhida.