UzAssets Farg'ona neftni qayta ishlash zavodini sotib olish bo’yicha arizalarni kutmoqda

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzuridagi "UzAssets" AJ investitsiya kompaniyasi potensial investorlarni "Farg'ona neftni qayta ishlash zavodi" MChJni sotib olish uchun ariza berishga taklif qiladi (100 foiz ulush).

 

Kompaniya matbuot xizmatining xabar berishicha, arizalarni 2021 yil 28 may Toshkent vaqti bilan soat 18:00dan kechiktirmay UzAssets xodimlari va maslahatchilari - KPMG elektron pochtasiga xat shaklida yuborish mumkin.

 

Ariza berish jarayoni barcha manfaatdor shaxslar uchun ochiq hisoblanadi. Savdo jarayonining batafsil ketma-ketligi va uning shartlari qo'shimcha ravishda e'lon qilinadi. Shu bilan birga, UzAssets savdo-sotiq jarayonining ketma-ketligini o'zgartirish yoki istalgan potensial xaridorga (xaridorlarga) sotishdan bosh tortish yoki ular bilan istalgan vaqtda sababini aytmasdan muzokara olib borishni to’xtatish huquqini o'zida saqlab qolishini bildiradi.

 

Farg'ona neftni qayta ishlash zavodi neftni qayta ishlash hajmi bo'yicha O'zbekistondagi ikkinchi yirik neftni qayta ishlash zavodi hisoblanadi. Bu yerda 60 turdagi neft mahsulotlari va yoqilg'i-moylash materiallari, shu qatorda Yevro-4 va Yevro-5 standartlariga muvofiq dizel yoqilg'isi (2021 yildan) ishlab chiqariladi.

Mahsulotning qariyb 94 foizi mahalliy bozorga sotiladi, qolgan qismi eksport qilinadi. 2020 yilgi daromad 231 mln. dollarni, yalpi foyda 54 mln. dollarni tashkil etdi. So'nggi 3 yilda o'rtacha yillik sof foyda 19 mln. dollarni tashkil etdi.