Uzbekistan Airways: parvozlar yangi jadvalga muvofiq amalga oshiriladi

“Uzbekistan Airways” AJ Axborot xizmati xabariga ko'ra, 2022-yil 30-oktabrdan boshlab aviakompaniya qishki jadvalga o'tadi.
Xabarda qayd etilishicha, qish mavsumida Toshkent shahridan Dubayga (haftasiga 7 marta), Istanbulga esa Toshkentdan (haftasiga 16 marta), Samarqanddan (haftasiga 4 marta), Farg‘onadan (3 ta), Buxoro va Urganchdan (haftasiga 2 marotaba) muntazam amalga oshiriladi. Talab eng yuqori bo‘lgan Toshkent — Moskva yo‘nalishidagi qatnovlar soni haftasiga 30 tagacha ko‘paytirildi.
Olmaota, Dushanbe, Bishkekka parvozlar ham muntazam ravishda amalga oshiriladi. Toshkent — Seul yo‘nalishi bo‘yicha qishki jadvalga haftasiga 7 ta qatnov kiritilgan. Bundan tashqari, parvozlar Londonga (haftasiga 2 marta), Frankfurtga (haftasiga 3 marta), Rigaga (haftasiga 2 marta) va eng uzoq parvoz — Nyu-Yorkka haftasiga uch marotaba amalga oshiriladi.






