O‘zbekiston-Qozog‘iston hududlararo biznes-forumi

Bugun, 21-dekabr kuni Toshkentda O‘zbekiston-Qozog‘iston biznes-forumi o’tkazilib, unda asosiy vazirlik, idoralar, tarmoq birlashmalari, Savdo-sanoat palatalari, holding kompaniyalari rahbarlari hamda ikki mamlakat ishbilarmon doiralarining 400 dan ortiq vakillari ishtirok etdi.
Ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev va Qozog‘iston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Savdo va integratsiya vaziri Serik Jumangarin so‘zga chiqdi. Delegatsiyalar rahbarlari mamlakatlarimiz oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikni mustahkamlashning ijobiy dinamikasini taʼkidlab, bu borada ishbilarmon doiralarning faol oʻzaro hamkorligi muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdilar.
Ishtirokchilar e’tibori o‘zaro tovar ayirboshlashning o‘sish dinamikasiga qaratildi, so‘nggi yillarda bu ko‘rsatkich ikki baravar ko‘payib, 5 milliard dollarga yaqinlashdi. Bu ko‘rsatkichni 10 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar ko‘rilmoqda, buning uchun yaqin kelajakda tegishli tashqi savdo infratuzilmasi yaratiladi.
Investitsiyaviy hamkorlik va sanoat kooperatsiyasi sohasida ham dinamik o‘sish kuzatilmoqda. Oxirgi 5 yil ichida mamlakatimizda Qozog‘iston kapitali ishtirokidagi korxonalar soni 5 barobar ko‘paydi va bugungi kunda deyarli 1200 tani tashkil etmoqda. Bundan tashqari, ayni paytda umumiy qiymati 3 milliard dollardan ortiq bo‘lgan 30 dan ortiq qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda.
Forum davomida vazirlik, idoralar, tarmoq birlashmalari va viloyat hokimliklari rahbarlari, shuningdek, ikki davlat ishbilarmon doiralari vakillari taqdimotlar o‘tkazdilar. Ularda hamkorlik salohiyati atroflicha ochib berildi va hamkorlikda amalga oshirishga mo‘ljallangan tayyor istiqbolli loyihalar taklif etildi. Shuningdek, tadbir davomida bo‘lib otgan “B2B” va “G2B” muzokaralari chog‘ida o‘zaro hamkorlikning moliyaviy-texnik jihatlari va qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari muhokama qilindi.






