Oʼzbekiston-Singapur Savdo palatasi tashkil etiladi

Savdo-sanoat palatasi hamda bir qator mahalliy tashkilotlar Singapurning “Oceanus Group” kompaniyasi bilan Oʼzbekiston-Singapur Savdo palatasini tashkil etish toʼgʼrisidagi shartnomani imzoladilar. Hamkorlikning maqsadi ikki mamlakatning savdo va sarmoyaviy imkoniyatlarini rivojlantirishdan iborat.

16-yanvar kuni Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining davlat tashrifi arafasida Singapurda ikki davlat tadbirkorlari oʼrtasidagi ishbilarmonlik aloqalarini har tomonlama mustahkamlashga qaratilgan Oʼzbekiston-Singapur biznes-forumi boʼlib oʼtgani haqida ma’lum qilgan edik. Biznes-forum doirasida Oʼzbekiston-Singapur Savdo palatasini tashkil etish toʼgʼrisidagi shartnoma imzolandi.

Tashkil etiladigan Oʼzbekiston-Singapur Savdo palatasining taʼsischilari qatoriga Savdo-sanoat palatasi (muvofiqlashtiruvchi), Oʼzbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi huzuridagi Eksportni ragʼbatlantirish agentligi, “Oʼzsanoateksport” АJ, “Oʼztoʼqimachiliksanoat” uyushmasi, “Global Export Company” MChJ, hamda “BMB Trade Group” MChJ kiradi.

Oʼzbekiston-Singapur Savdo palatasining maqsadi - Oʼzbekistonning Singapur hamda АSEАN mamlakatlarida savdo va sarmoyaviy imkoniyatlarini rivojlantirishdan iborat boʼladi.

Hamkorlikning birinchi bosqichida tomonlar Oʼzbekistondan Singapur, Xitoy va АSEАN mamlakatlari bozorlariga dukkaklilar, qayta ishlangan meva-sabzavot, yongʼoq va tovuq goʼshti eksportini tashkil etish borasida kelishuvga erishdilar.

Hamkorlikning ikkinchi bosqichida Singapur kompaniyasi oʼzbekistonlik eksportyorlar faoliyatini kengaytirish va mahsulot sifatini oshirish orqali eksport hajmini oshirish maqsadida ularga sarmoya kiritish va jalb etishni rejalashtirmoqda.