UzEnergyExpo 2022 - UzStroyExpo 2022: yirik kompaniyalar ishtirokidagi xalqaro ko’rgazmalar

Ertaga 26-oktabr kuni “O‘zekspomarkaz”da UzEnergyExpo 2022 va UzStroyExpo 2022 xalqaro koʻrgazmalari faoliyatiga start beriladi. Ularda 100 dan ortiq xorijiy kompaniyalar elektroenergetika va qurilish sohasidagi eng so‘nggi ishlanmalarni taqdim etadilar.

Qoʻshma koʻrgazma tarmoq vakillari oʻrtasidagi hamkorlikni kengaytirish, mutaxassislar bilan bozorni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qilish, ekspert maslahatlarini olish, shuningdek, yangi biznes hamkorlar topish va oʻzaro manfaatli shartnomalar tuzish imkonini beradi.

Ma’lumot o’rnida, UzEnergyExpo 2022 ko‘rgazmasida elektr energetikasi, qayta tiklanuvchi energiya manbalari, yoritish texnikasi, avtomatlashtirish, shuningdek, elektr jihozlari komponentlari sohasidagi zamonaviy texnologiyalar namoyish etiladi. Shu bilan birga, turli elektr jihozlarini ishlab chiqaruvchi korxonalar o'zlarining yuqori texnologiyali va innovatsion yechimlarini taqdim etadilar.

Shuningdek, UzStroyExpo 2022 ko‘rgazmasida tashrif buyuruvchilar jahon miqyosida nufuzga ega bo‘lgan sohaning yirik ishlab chiqaruvchilari mahsulotlari bilan tanishishlari mumkin bo‘ladi. Stendlarda qurilish materiallari va aralashmalari, asboblar, gidroizolyatsiya tizimlari, suv ta'minoti uskunalari va sanoat mahsulotlari namoyish etiladi.

P.S. Ko’rgazmalar 28-oktabrga qadar davom etadi.