Van Gogning chizgan surati “Christie's” auksionida rekord narxga sotildi

Buyuk golland rassomi Vinsent Van Gogning "Sarvlar bilan o‘ralgan mevali bog‘" asari Nyu-Yorkdagi “Christie's” auksionida 117 million dollarga sotildi. Qayd etilishicha, san’at tarixida bu qadar yirik auksion ilgari bo‘lmagan.

Asar Microsoft kompaniyasi asoschilaridan biri, marhum Pol Allen (1953–2018)ga qarashli edi. Mazkur kimoshdi savdolarida Allenning jamg‘armasida saqlangan san’at asarlari jami 1,5 mlrd dollarga sotildi. Christie's ma’lum qilishicha, san’at tarixida bu qadar yirik va boy auksion ilgari bo‘lmagan.

Van Gogning ham hech bir asari bu qadar qimmat sotilmagan. Oldingi rekordni uning "Doktor Gayshe portreti"ni 82 mln dollarga sotib olgan yapon tadbirkori o‘rnatgan edi.

P.S. Vinsent Van Gog (1853–1890) — postimpressionizm yo‘nalishida ijod qilgan buyuk mo‘yqalam ustalaridan biri. Mashhur asarlari: "Kungaboqarlar", "Irislar", "Kafedagi tungi terrasa".