Vazir Abdulaziz Kamilov: Eng muhim vazifa – avvalo, Markaziy Osiyo davlatlari bilan yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashdan iborat bo‘ladi

Kecha “Yangi O‘zbekiston tashqi siyosati: surʼati, yutuqlari va istiqbollari” mavzusida O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi rahbariyati, xorijiy davlatlarning Toshkent shahrida akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik muassasalari va xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari rahbarlari ishtirokida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda xalqaro maydonda O‘zbekistonning yangi qiyofasini shakllantirishning konseptual masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashildi, mamlakatimiz tashqi siyosiy faoliyatining zamonaviy yo‘nalishlari va asosiy ustuvorliklari, shuningdek, so‘nggi yillarda tashqi siyosat sohasida amalga oshirilgan keng qamrovli ishlar yakunlari va natijalari muhokama qilindi.

Anjumanda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov so‘zga chiqib, 2021-yil O‘zbekiston va uning xalqaro munosabatlari uchun yorqin siyosiy voqealar va samarali diplomatik aloqalarga boy bo‘lganini taʼkidladi. Oliy va yuqori darajadagi tashriflar almashinuvi bo‘lib o‘tdi, asosiy tashqi siyosiy hamkorlar bilan ikki va ko‘p tomonlama shakllarda muloqot jadal rivojlandi.

Taʼkidlanganidek, yangi yilda respublikamiz tashqi siyosati strategiyasining asosiy maqsadi mamlakatimizning jadal va barqaror siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, dunyoviy va demokratik rivojlanishini taʼminlash bo‘lib qoladi. Eng muhim vazifa – avvalo, Markaziy Osiyo davlatlari bilan yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashdan iborat bo‘ladi.

Vazir, shuningdek, Afg‘onistonga nisbatan jahon hamjamiyatining umumiy yondashuvlarini ishlab chiqish, bunda mavjud vaziyatni xalqaro izolyatsiya va keng ko‘lamli inqirozga olib bormaslikning muhimligini taʼkidladi.