Vazir aholi bandligini ta’minlash, kasb-hunarga o‘qitish, yangi ish o‘rinlarini yaratish holati bo‘yicha axborot berdi

14 sentabr kuni Oliy Majlis Senati Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari qo‘mitasining kengaytirilgan majlisi bo‘lib o‘tdi.
Unda senatorlar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputatlari, Qo‘mita huzuridagi ekspertlar Kengashi hamda idoralararo Ishchi guruh a’zolari, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda ommaviy-axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Majlisda Qoraqalpog‘iston Respublikasida aholi bandligini ta’minlash, kasb-hunarga o‘qitish, yangi ish o‘rinlarini yaratishga doir chora-tadbirlar amalga oshirilishi holati yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vazirining axboroti eshitildi.
Qayd etilganidek, joriy yilning 6 oyi mobaynida Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha 68 ta bo‘sh ish o‘rni yarmarkalari o‘tkazilib, 2 091 ta korxona va tashkilot 6 353 ta bo‘sh ish o‘rni bilan ishtirok etgan.
Ushbu yarmarkalarga jami 2 977 nafar ishsiz jalb qilinib, unda 1408 nafar ish izlab yurgan, shuningdek, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilganlarga doimiy ishga joylashish uchun yo‘llanmalar berilgan.
Senatorlar tomonidan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlarining ko‘pchilik qismi qanoatlantirilmaganligi, ular yuzasidan aksariyat hollarda tushuntirish berish bilan kifoyalanib qolinayotganligi tanqid qilindi.






