Vaziyat shaxsan prezident nazorati ostida — Sherzod Asadov fuqarolarni sarosimaga tushmaslikka chaqirdi

Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov O‘zbekistonda elektr energiyasi o‘chishi bilan bog‘liq vaziyat prezident nazoratida ekanligini ma’lum qildi.
«Hurmatli yurtdoshlar! Xabaringiz bor, yurtimiz va qo‘shni mamlakatlarning ayrim hududlarida elektr ta’minotida uzilishlar kuzatilmoqda. Dastlabki o‘rganishlar bu holat umummintaqaviy energiya tizimi doirasida yuzaga kelgan nosozliklar oqibatida kelib chiqqanini ko‘rsatmoqda.
Ta’kidlash kerakki, vaziyat shaxsan Prezidentimiz nazorati ostida. O‘zbekiston energiya tizimini barqarorlashtirish hamda elektr ta’minoti va boshqa tarmoqlar ishini tiklash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida deyarli har daqiqa davlatimiz rahbariga axborot berib borilmoqda.
Shunday ekan, barchangizni xotirjamlikni saqlash va sarosimaga tushmaslikka chaqirib qolamiz. Vahimaga o‘rin yo‘q», - deya ta'kidladi u.






