Velosport bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosiga davlat mukofoti topshirildi

Har bir sport turida o‘z namunalari bilan aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish va targ‘ib etishga hissa qo‘shayotgan sportchilar bo‘ladi. O‘zbekiston velosportida ana shunday shaxslardan biri - Olga Zabelinskayadir.
Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining 31 yilligi arafasida mahoratli velosportchimiz Olga Zabelinskaya “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan sportchi” faxriy unvoni bilan taqdirlangan edi. Avstraliyada oʻtgan jahon chempionatidan soʻng yurtimizga qaytib kelgan atletimiz ushbu mukofotni qabul qilib oldi.
Uzoq vaqt davomida Olga chet elda mashg‘ulotlar o‘tkazib, bir qator xalqaro musobaqalarda ishtiroki bois, mukofotni olishga ulgurmagan edi.
27-sentabr kuni O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi, Velosport federatsiyasi raisi Tanzila Narbaeva O'zbekiston velosport terma jamoasi a'zosi Olga Zabelinskayaga "O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan sportchi" maxsus ko'krak nishoni va Turkiyaning Konya shahrida bo'lib o'tgan "Islom birdamlik o'yinlari"dagi ishtiroki uchun pul mukofotini topshirdi.
Eslatib o‘tamiz, ushbu musobaqada O‘zbekiston terma jamoasi ja’mi 11 ta, ya’ni uchta oltin, to‘rtta kumush va to‘rtta bronza medalinini qo‘lga kiritdi. Oltin medallarning barchasini Olga Zabelinskayaga tegishli bo‘lib, u velosportda ayollar o‘rtasida ochkolar bo‘yicha guruh poygasida, shosseda yakkalik va guruh poygalarida birinchi bo‘ldi.






