Vengriyaning OTP Banki Ipoteka-bankni sotib oldi

Bugun, 12-dekabr kuni poyaxtimizda Vengriyaning "OTP" banki tomonidan O‘zbekistonning ATIB "Ipoteka-bank"ini sotib olish bo‘yicha shartnoma imzolandi.

Bitimni Investisiya va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev va "OTP" banki raisi, bosh ijrochi direktori Shandor Chani imzoladi.

OTP Bank tomonidan O‘zbekiston bank sektorini xususiylashtirish jarayonlarida ishtirok etish yuzasidan O‘zbekiston hukumati bilan 2020-yilning oxiridan boshlab muzokaralar olib borilayotgan edi.

Muzokaralar natijasida taraflar tomonidan o‘tgan yilning kuzida “Ipoteka-bank”ni potensial xarid qilish to‘g‘risida kelishuv memorandumi imzolangan edi. Bugun esa bitim shartlari bo‘yicha oldi-sotdi shartnomasi imzolandi.

Shu bilan birga, OTP Bank va Xalqaro moliya korporatsiyasi (XMK) o'rtasida Ipoteka-bankda kelgusidagi hamkorlik to'g'risida kelishuv memorandumi ham imzolandi. XMK bir necha yillardan buyon Ipoteka-bankni moliyalashtirish va transformatsiya qilish bo'yicha yordam ko'rsatib kelmoqda.

Shuningdek, XMK bundan keyin ham OTP Bankni yangi salohiyatli aksiyador sifatida qo’llab quvvatlashini va o’zaro hamkorlikni davom ettirishini bildirdi.

P.S. Vengriyaning OTP banki (OTP Group) Markaziy va Sharqiy Yevropa mintaqasidagi yetakchi moliyaviy guruhlardan biri boʻlib, moliyaviy oʻsish boʻyicha salmoqli natijalarga erishgan, yuqori rentabellik, barqaror kapital va likvidlik pozitsiyalariga ega.