Vetnam bilan oʼzaro hamkorlikni rivojlantirish masalari muhokama qilindi

Oʼzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida vazir oʼrinbosari B.Аbidov va Vetnam sotsialistik Respublikasining elchisi Dang Min Xoy oʼrtasida uchrashuv boʼlib oʼtdi.

Muzokaralar davomida ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va investitsion hamkorlikni kengaytirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Ikki mamlakat bozorlariga xaridorgir mahsulotlarni yetkazib berish orqali tovar ayirboshlash hajmlarini oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Tomonlar ishbilarmon doiralar vakillari oʼrtasidagi hamkorlik aloqalarini oʼrnatish va bu orqali eksport-import salohiyatini oshirish maqsadida ikki mamlakat savdo-sanoat palatalari va ularning aʼzo korxonalari ishtirokida onlayn davra suhbatlarini oʼtkazishga kelishib oldilar.

Hamkorlikning istiqbolli yoʼnalishlari sifatida toʼqimachilik, charm va poyabzal, qishloq xoʼjaligi, oziq-ovqat va baliqchilik sohalari belgilab olindi.

Bundan tashqari, oʼzaro savdo-iqtisodiy hamkorlikni yangi bosqichga koʼtarish maqsadida savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik boʼyicha Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yigʼilishini oʼtkazishga va ushbu tadbirning samaradorligini taʼminlash maqsadida uning doirasida ishbilarmon doira vakillari ishtirokida biznes-forumni tashkil etishga kelishib olindi.