Vikipediada o‘zbek tilidagi maqolalar soni 150 mingtadan oshdi

Joriy yil 30-iyun — Yoshlar kunida Prezidentimiz “Viki-stipendiya” loyihasi haqida gapirib o‘tganidan so‘ng, loyihaga qiziquvchilar va o‘zbek tilidagi maqolalar sonini ko‘paytirishga hissa qo‘shishni istagan yoshlar safi sezilari darajada oshdi.

“Vikipediada oʻzbek tilidagi maqolalar sonini 100 mingtaga yetkazish va xorijiy tillarda ham Oʻzbekiston haqidagi maʼlumotlarni joylashtirish yaxshi samara berishi shubhasiz. Ushbu maqsadlar uchun 10 mlrd soʻm mablagʻ yoʻnaltiriladi. Bunday tadbirlarga, bilimli va shijoatli volontyor yoshlarni jalb qilish hamda ularning faoliyatini tizimli ravishda ragʻbatlantirib borish lozim”, — degan edi Shavkat Mirziyoyev tadbirdagi nutqida.

Ma’lum bo’lishicha, “Viki-stipendiya” loyihasi boshlangandan beri 3-iyul holatiga ko‘ra, oʻzbekcha Vikipediyada yaratilgan maqolalar soni 150 mingdan oshgan. Ayni paytda ushbu ko’rsatgich (150 ming 82 ta maqola) bilan O’zbekiston 58-oʻrinda bormoqda.

Shuningdek, o‘zbek tili turkiy tillardagi Vikipediyalar orasida turkcha, tatarcha, janubiy ozarbayjoncha, ozarbayjoncha va qozoqchalardan keyin 6-oʻrinda bormoqda.

Loyiha ishga tushgach, avval o‘zbekcha Vikipediyada mavjud bo‘lmagan juda ko‘plab maqoalalar joylandi. Masalan, “Yangi O‘zbekiston bog‘i” , “Zakovat” intellektual o‘yini, Samarqand noni, O‘zbekiston Qahramoni Lola Murotova haqidagi maqolalar shular jumlasidandir.