Xalqaro konferensiya doirasida ilgari surilgan tashabbuslarni parlamentlararo darajada targ‘ib qilish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilandi

Oliy Majlis Senatining o‘n yettinchi yalpi majlisida “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiya yakunlaridan kelib chiqadigan vazifalar belgilandi.
Maxsus ishlab chiqilgan Senat qarori loyihasida parlament yuqori palatasi faoliyatining davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan tashabbuslarni parlamentlararo xamkorlik mexanizmlari orqali faol targ‘ib etish, iqtisodiyot, investitsiyalar, energetika, innovatsiyalar va “yashil” texnologiyalarni rivojlantirish sohasida hamkorlik qilishning huquqiy asoslarini mustahkamlash, ekologik muammolar hamda tabiiy ofatlarni bartaraf etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqish, ularni amalga oshirishga ko‘maklashish, atrof-muhitni muhofaza qilish tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash kabi ustuvor yo‘nalishlari belgilangan.
Bundan tashqari, parlament diplomatiyasi hamda parlament nazoratining tegishli mexanizmlari belgilandi. Xususan, hududlarning o‘zaro bog‘liqligini mustahkamlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasining Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlari bilan xalqaro shartnomalarini kengaytirish, xalqaro munosabatlarni rivojlantirish dasturlari va rejalarining bajarilishi parlament nazorati olib borish nazarda tutilgan.






