Xalqaro maslahat qo‘mitasining rasmiy ishga tushirish marosimi

15 sentabrida Xivadagi Nurillaboy majmuasida O‘zbekistonda madaniy meros bo‘yicha Xalqaro maslahat qo‘mitasi faoliyatini rasmiy ishga tushirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Bosh vazir o‘rinbosari – Turizm va sport vaziri Aziz Abduxakimov, YUNЕSKO Umumjahon merosi markazi direktori o‘rinbosari Jyoti Xosograxar (onlayn), Madaniy boyliklarni saqlash va restavratsiya qilish bo‘yicha xalqaro tadqiqot markazi (IKKROM) bosh direktori Vebber Ndoro, YUNЕSKOning O‘zbekistondagi vakili Aleksandros Makarigakis, YUNЕSKO Umumjahon merosi ob’ektlari joylashgan O‘zbekiston shaharlari mas’ul vakillari hamda qo‘mita a’zolari ishtirok etdilar.

Xalqaro maslahat qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 14-iyunidagi 371-sonli qaroriga asosan tashkil qilingan bo‘lib, uning tarkibiga 8 nafar xorijiy ekspert, 2 nafar mahalliy ekspert hamda 3 nafar xalqaro tashkilot (ICOMOS, IKKROM va CRAterre) vakillari kiradi.

Xalqaro maslahat qo‘mitasi faoliyatining asosiy yo‘nalishlari sifatida moddiy madaniy meros ob’ektlari va YUNЕSKO Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan hududlar muhofazasini kuchaytirish, aholiga munosib turmush tarzini yaratib berish uchun tarixiy shaharlarni oqilona rivojlantirish, moddiy madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanish jarayonida yuzaga keladigan masalalarni ko‘rib chiqish, madaniy meros sohasida kadrlar malakasini oshirishni keltirish mumkin.