Xalqaro paxta kuni munosabati bilan Innovatsiya vazirligi ko‘rgazma tashkil qildi

Oʼzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi joriy yilning 7-oktyabr kuni Xalqaro paxta kuniga bagʼishlangan tadbirlarni oʼtkazdi. Vazirlik koʼrgazmalar zalida paxta navlari, sugʼorish uskunalari, oʼgʼit va urugʼlar, yengil va oziq-ovqat sanoatlari mahsulotlari koʼrgazmalari tashkil etildi. Vazirlik hovlisida esa paxtachilik mashinasozligi,, innovatsion texnika va texnologiyalari namoyish etildi.
Shuningdek, tadbir doirasida «Paxtachilikning innovatsion rivojlanishi: nazariya va amaliy tamoyillar» mavzusida ilmiy-amaliy konferentsiya oʼtkazildi. Konferentsiyani Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Аbdurahmonov hamda Qishloq xoʼjaligi vaziri oʼrinbosari Аlisher Toʼraev ochib berdilar.
Ta’kidlanishicha, bugungi kunda 122 ta paxtachilik-toʼqimachilik klasterlarida, paxtachilik ilmiy markazlari va institutlarida paxtaning yangi serhosil navlarini yaratish ishlari olib borilmoqda, mashinasozlik korxonalarida paxtaga ishlov beradigan yangi innovatsion texnologiyalarga asoslangan texnikalar, uskuna va jihozlar ishlab chiqarilmoqda.
Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan moliyalashtirilgan paxtachilik sohasidagi umumiy qiymati 6,5 mlrd soʼmlik 11 ta innovatsion loyihalar amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda ham qator loyihalar oʼrganilmoqda.
Bundan tashqari, Xalqaro paxta kuni munosabati bilan soha fahriylari yosh olimlar, talabalar va maktab oʼquvchilari ishtirokida «Uch avlod uchrashuvi» oʼtkazildi.






