Xalqaro sanoat ko’rgazmasi doirasida qator hamkorlik shartnomalari imzolandi

“Innoprom. Markaziy Osiyo” ko’rgazmasi doirasida Rossiya Federatsiyasi sanoat va savdo vaziri - Denis Valentinovich Manturov hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri – Sardor O‘ktamovich Umurzakov ishtirokida qator ikki tomonlama hamkorlik shartnomalarini almashinish marosimi bo’lib o’tdi.

Quyida shartnomalarni almashinish marosimi qatnashchilari va kompaniyalar ketma-ketligi bilan tanishing:

Omsk viloyati gubernatori - Aleksandr Leonidovich Burkov va Jizzax viloyati hokimi – Ergash Alibekovich Saliyev o’rtasida savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, ijtimoiy va madaniy-gumanitar sohalarda xalqaro va tashqi iqtisodiy aloqalarni amalga oshirish boʻyicha kelishuvlar hamda Omsk viloyati oʻrtasida hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha 2022-2023-yillarga moʻljallangan “Yoʻl xaritasi” imzolandi.

ECOLOS kompaniyalar guruhi vitse-prezidenti – Artyom Arshavirovich Tonyan va “O‘zEnergoTamir” aksiyadorlik jamiyati bosh direktori – Sohibov Jurabek Inomjonovich O‘zbekiston Respublikasi hududida suv tozalash inshootlari va sanoat oqava suvlarini tozalash inshootlarini loyihalash va qurish bo‘yicha Bitim almashdilar.

Magnit chakana savdo tarmog'ining bosh direktori – Yan Dunning hamda “Navro`z-PTK” mas'uliyati cheklangan jamiyati bosh direktori – Olim Shakirdjanovich Rasulov o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish maqsadida hamkorlik shartnomalarini almashdilar.

Shuningdek, Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti rektori – Ilhom Qahramonovich Sabirov, "Rossiya fasllari" MChJ bosh direktori - Daria Viktorovna Matsievskaya va "Termopol" MChJning rivojlanish bo'yicha direktori - Vladislav Viktorovich Ivanov ta’lim va ilmiy tadqiqotlar, qo‘shma tadqiqotlar, texnik to‘qimachilik sohasida hamkorlik to‘g‘risida imzolangan memorandum almashdilar.

O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari – Inoyatov Amrillo Shodievich, “Gerofarm” mas’uliyati cheklangan jamiyatining savdo bo‘yicha direktori – Vladimir Skornyakov hamda “ZUMA PHARMA” mas’uliyati cheklangan jamiyati ta’sischisi – Yunusov Nodir Baxtiyarovich hayotiy insulin preparatlarini ishlab chiqarish va yetkazib berish loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni boshlash to‘g‘risida imzolangan Memorandumlarni almashdilar.

Pharmasyntez kompaniyalar guruhining MDH mamlakatlariga eksport bo'yicha direktori - Yuriy R. Petrosyan hamda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori – Sardor Xikmatovich Kariyev O‘zbekiston Respublikasida saratonga qarshi dori vositalari ishlab chiqaruvchi farmatsevtika korxonasini qurish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha imzolangan hamkorlik shartnomasini almashdilar.