Xalqaro Turkiy akademiya rahbari «turk» soʼzi qoʼllanilgan eng qadimgi yodgorlik haqida soʼz yuritdi

10-noyabr kuni Xalqaro Turkiy akademiya prezidenti vazifasini bajaruvchi Fuzuli Majidli Turkiy davlatlar tashkilotining Sammiti doirasidagi Tashqi ishlar vazirlarining yigʼilishida ishtirok etdi.

Yigʼilishda Fuzuli Majidli soʼzga chiqib, qardosh mamlakatlar oʼrtasida diplomatik munosabatlar, ilm-fan va taʼlim sohasidagi aloqalarimiz jadal rivojlanib borayotganini taʼkidladi.

Shu bilan bir qatorda, Moʼgʼulistonda Xalqaro Turkiy akademiya tomonidan olib borilgan arxeologik qazilma ishlari natijasida Koʼkturk davriga oid yodgorlik majmuasi va yozuvi topilganini qayd etdi. Ushbu majmua Qutlugʼ hoqon sharafiga oʼrnatilgan boʼlib, u Oʼrxun yodgorliklari topilganidan keyin soʼnggi 130 yil ichida turkiy dunyo uchun eng muhim kashfiyot sifatida qabul qilingani va turkiy tadqiqotlar rivojidagi ulkan ahamiyati haqida fikr-mulohazalarini bildirib oʼtdi.

Mazkur kashfiyotning eng muhim jihati shundaki, aynan mazkur turkiy tildagi manbada ilk bora “turk” soʼzi qoʼllanilgan va bu topilmani xorijliklar emas, balki turkiy tadqiqotchilar aniqlagan.