Xalqimiz oʼzining sizlar kabi botir va dovyurak farzandlari – Vatanimizning haqiqiy posbonlari bilan haqli ravishda faxrlanadi

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Oʼzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 30 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan bayram tabrigi yo'lladi.
Hurmatli askar va serjantlar, ofitser va generallar!
Qurolli Kuchlarimiz xizmatchilari va faxriylari!
Qadrli vatandoshlar!
Аvvalo, oʼz hayotini ona yurtimizni himoya qilishdek ulugʼ va olijanob ishga bagʼishlagan siz, azizlarni, sizlarning timsolingizda koʼpmillatli butun xalqimizni Oʼzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 30 yilligi va Vatan himoyachilari kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Mana shu qutlugʼ ayyomda jonajon Vatanimizga sadoqat, azmu shijoat kabi el-yurtimizga xos yuksak fazilatlarning qadr-qimmati va ahamiyatini, ular hayotimizda tobora mustahkam oʼrin egallab borayotganini yanada teran anglaymiz va oʼzining jangovar faoliyati bilan buni amalda isbotlab kelayotgan sizdek gʼoyat olijanob kasb egalarini sharaflaymiz.
Shu bilan birga, jangovar burchini ado etishda mardlarcha halok boʼlgan fidoyi harbiy xizmatchilarimizning nurli va soʼnmas xotirasiga chuqur hurmat bajo keltiramiz.
Istiqlol davrida Oʼzbekiston armiyasi juda murakkab va sharafli yoʼlni bosib oʼtdi. Yosh davlatimizning oʼta ogʼir shakllanish yillarida aynan Qurolli Kuchlarimiz mamlakatimiz mustaqilligi, xalqimizning tinch hayoti va farovonligini taʼminlash, demokratik islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirishning ishonchli kafolati boʼlib xizmat qilganini barchamiz yaxshi bilamiz va yuksak qadrlaymiz.
Keyingi yillarda amalga oshirgan tub islohotlarimiz tufayli tarixan qisqa davrda Oʼzbekiston Respublikasi suvereniteti va hududiy yaxlitligini, sarhadlarimiz daxlsizligini ishonchli himoya qilishga qodir boʼlgan, tezkor va ixcham milliy armiyani tashkil etishga erishmoqdamiz.
Аna shunday buyuk tarixiy jarayonda xalqimizning harbiy sohadagi boy merosiga tayanib, Jaloliddin Manguberdi, Sohibqiron Аmir Temur, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi buyuk sarkarda bobolarimizning jangovar anʼanalarini munosib davom ettirib kelayotgan, jismoniy va maʼnaviy yetuk, zamonaviy bilim, qurol-yarogʼ va texnikalarni puxta egallagan, davlat va xalq manfaatlari uchun har qanday sinov va mashaqqatlarni yengib oʼtishga tayyor boʼlgan harbiylarimiz doimo faol ishtirok etib kelayotganlari har qanday yuksak eʼtirofga munosibdir.
"Xalqimiz oʼzining sizlar kabi botir va dovyurak farzandlari – Vatanimizning haqiqiy posbonlari bilan haqli ravishda faxrlanadi", deya ta'kidladi Prezident.






