“Xavfli dunyo”. Global harbiy xarajatlar 2022-yilda soʻnggi 8 yillik rekordni yangiladi

2022-yilda global qurol-aslaha xarajatlari 3,7 foizga oshib, 2,24 trillion dollarni tashkil etdi. Stokgolm Xalqaro Tinchlik Tadqiqot Instituti 24-aprel kuni e'lon qilgan hisobotga ko'ra, harbiy xarajatlari 2013-yildan 2022-yilgacha bo‘lgan davrda 19 foizga o‘sgan.

Mudofaa xarajatlariga eng ko'p mablag' sarflagan mamlakatlar uchligiga AQSh, Xitoy va Rossiya kiradi. Ular dunyo hajmining 56 foizini tashkil etmoqda. Hindiston va Saudiya Arabistoni ham harbiy xarajatlari koʻpligi boʻyicha yuqori oʻrinlarda turibdi.

“So'nggi yillarda global harbiy xarajatlarning doimiy o'sishi biz tobora xavfli dunyoda yashayotganimizdan dalolat beradi”, deydi tadqiqotchi Nan Tyan.

Hisobot mualliflarining qayd etishicha, Markaziy va G‘arbiy Yevropa davlatlarining harbiy xarajatlari Sovuq urush darajasiga qaytgan. Harbiy xarajatlarning eng keskin o'sishi Finlyandiya (36 foiz), Litva (27 foiz), Shvetsiya (12 foiz) va Polshada (11 foiz) qayd etilgan.

Institut ekspertlarining fikricha, Ukrainadagi vaziyat Markaziy va G‘arbiy Yevropada harbiy xarajatlar bo‘yicha darhol qaror qabul qilishga ta’sir qilgan.