Xitoy Tashqi ishlar vaziri Mirziyoyevga Szinpinning salomini yetkazdi

Bugun O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Afg‘onistonga qo‘shni mamlakatlar tashqi siyosiy idoralari rahbarlarining navbatdagi uchrashuvida ishtirok etish uchun mamlakatga kelgan Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi a’zosi, Tashqi ishlar vaziri Sin Ganni qabul qildi.

Dastlab Tashqi ishlar vaziri Sin Gan Shavkat Mirziyoyevga XXR Raisi Si Szinpinning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

O‘zbekiston yetakchisi Xitoyga bo‘lajak davlat tashrifi va “Markaziy Osiyo - XXR” sammitiga puxta tayyorgarlik ko‘rish muhimligini ta’kidladi.

Xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.

Bugungi kunda texnik hujjatlari tayyorlanayotgan “O‘zbekiston – Qirg‘iziston - Xitoy” temir yo‘lini qurish loyihasini tez fursatda amalga oshirish ahamiyati qayd etildi.

Afg‘onistondagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal etish va ushbu mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishiga amaliy ko‘maklashish borasidagi yaqindan muvofiqlashuvni davom ettirish zarurligiga alohida e’tibor qaratildi.